Андижон 24

ANDIJONNOMA GAZETASINING 100 YILLIGI MUNOSABATI BILAN ANDIJON VILOYATI XALQ TA'LIMI BOSHQARMASINING TABRIGI


30.05.2021   2700

Andijonnoma jamoasiga!

Hurmatli matbuot fidoyilari, bir asrdan ziyod faoliyat olib borayotgan tom ma’noda tarixiy gazetaga aylanib borayotgan nashrda faoliyat olib borayotgan qadrli jurnalistlar!

Sizlarni samarali faoliyatingiz natijasida sevimli gazetamiz bugun 100 yoshni qarshi olmoqda.

Qayd etish joizki, Andijonnoma yurtimizda ro’y berayotgan voqea-hodisalarni, xalqimiz hayoti, og’iru-yengilliklarini mustaqillikkacha bo’lgan davrdan hozirgi kungacha xolis yoritib kelayotgan sanoqli ijtimoiy-siyosiy gazetalardan biridir.

Andijon hayoti haqida bilmoqchi bo’lgan har bir kimsa bugun mazkur gazetani qo’lga olishi bilanoq viloyatimizda amalga oshirilayotgan qurilish-bunydkorlik ishlari, ma’naviy-ma’rifiy sohadan tortib sportgacha aniq va lo’nda qilib yozilgan maqolalardan bilib oladi desak adashmagan bo’lamiz.

Ayniqsa, Andijon viloyati xalq ta’limi tizimi faoliyati, viloyatdagi ta’lim sifati, erishilayotgan yutuqlar va tizimda yanada ko’proq e’tibor jalb qilinishi zarur bo’lgan jihatlarni keng yoritishda Andijonnoma nashrining o’rni beqiyosdir.

Andijonnoma har zamon va har makonda ham o’z nufuzini saqlagan holda professional yondashuvga ega bo’lgan jurnalistlar jamoasini shakllantirib, ularning kuchlaridan samarali foydalanib kelganligi uchun ham bugungi globallashgan zamonda, bir qator bosma ommaviy axborot vositalar inqirozga yuz tutayotgan davrda ham o’z saviyasini mustahkam egallab turayotganligi alohida e’tiborga molikdir.

Matematika o’qituvchlarimizning xisob-kitobiga ko’ra Andijonnoma naqd 36 ming 500 kun, 1 ming 200 oy, 5 ming 200 haftadan buyon tinimsiz bosilib bugun o’zining 10 ming 428 sonini xalqqa tortiq etmoqda. Bu shunchaki raqamlar emas bir asrlik mehnatning natijasi desak hech mubolag’a bo’lmaydi.

Sevimli nashrimizda faoliyat olib borayotgan qadrli jurnalistlar, matbuotchilar!

Bugun sizlarga mazkur nashrda xizmat qilgan har bir jurnalistgada nasib etmagan ramziy kunda faoliyat olib borish bahti nasib qilmoqda.

Andijonnomaning 100 yillik kunida mana shu jamoa safida turishdek bahtga erishganingiz sabab 50 mingdan ziyod ustozlarga ega viloyat ta’lim sohasi fidoyilari nomidan Sizlarni chin yurakdan muborakbod etamiz!

Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasi jamoasi o’z davrida Abdulhamid Cho’lpon, Asqad Muxtor, Saida Zunnunovayu Olimjon Xoldor kabi afsonaga aylangan o’zbek adiblari faoliyat yuritgan mazkur nashrga kelajakda ulkan muvaffaqiyatlar yor bo’lishini tilab qoladi.

Andijon viloyati xalq ta'limi boshqarmasi matbuot xizmati